HODIM — xodim telefon ilovasi
HODIM — har bir xodimning telefonidagi ilova. U orqali davomat o‘zi belgilanadi (ishga keldim / ketdim), oylik va avans ko‘rinadi, bildirishnomalar, video konferensiya va ovozli ogohlantirish qo‘ng‘iroqlari keladi. Lavozimingizga qarab ilovada qo‘shimcha bo‘limlar ham chiqadi: kassir uchun «Kassa», omborchi uchun «Ombor», menejer uchun «Yangi buyurtma» va hokazo.

Rasmlar haqida
Bu sahifadagi rasmlar sinov ma’lumotlari bilan olingan: ismlar, raqamlar va summalar o‘ylab topilgan.
O‘rnatish
Android telefon:
- Yuklab olish sahifasidan «Hodimlar ilovasi (Android APK)» faylini yuklab oling.
- Faylni oching. Telefon «noma’lum manbadan o‘rnatish»ga ruxsat so‘rasa — ruxsat bering.
- «O‘rnatish» tugmasini bosing. Ilova «HODIM» nomi va M belgisi bilan paydo bo‘ladi.
iPhone: ilova TestFlight orqali tarqatiladi. Havolani administratordan so‘rang.
Yangilanish o‘zi keladi
Yangi versiya chiqsa, ilova ochilganda uni o‘zi yuklab o‘rnatishni taklif qiladi. Qayta yuklab olish shart emas.
Kirish
- Ilovani oching.
- «Login yoki telefon» maydoniga loginingizni yoki telefon raqamingizni (+998... ko‘rinishida) yozing.
- Parolni kiriting va «Kirish» tugmasini bosing.
- Agar hisobingiz Google pochtasiga bog‘langan bo‘lsa, «Google bilan kirish» tugmasidan ham foydalanish mumkin.
Login va parolni sizga HR yoki administrator beradi (CRM → Hodimlar). Parolni unutsangiz — o‘shalarga murojaat qiling.
Birinchi kirishda ilova joylashuvga (GPS) va bildirishnomalarga ruxsat so‘raydi. Davomat ishlashi uchun joylashuvga doimiy ruxsat («har doim ruxsat berish») kerak.
Pastki menyu
Hamma xodimda doim to‘rtta bo‘lim bor: Davomat, Buyurtmalar, Bildirishnoma, Profil. Lavozimga qarab qo‘shimcha bo‘limlar chiqadi:
| Bo‘lim | Kimda chiqadi | Nima uchun |
|---|---|---|
| Kassa | Kassir (va bosh administrator) | Pul kirimi, chiqimi, avans va oylik berish, zakaz to‘lovi |
| Ombor | Omborchi (va bosh administrator) | Ombor ishlari telefondan |
| Ishlarim | Operator, sex boshlig‘i, sifat nazoratchisi | Planshetda sizni «bajardi» deb belgilagan ishlarni tasdiqlash |
| Qoldiqlar | Bosh menejer | Ombor qoldig‘ini ko‘rish |
| Tasdiqlash | Rahbar, bosh menejer, buxgalter | Imzo kutayotgan talabnomalarni imzolash yoki rad etish |
Menejer va bosh menejerda Buyurtmalar bo‘limida «Yangi buyurtma» tugmasi bo‘ladi (pastda batafsil).
Davomat: keldim va ketdim
Davomat avtomatik: siz hech narsa bosmaysiz. Ilova telefoningiz joylashuvini ish hududi (zona) bilan solishtiradi:
- ish hududi doirasiga kirdingiz — «KELDI» yoziladi;
- doiradan chiqdingiz — «KETDI» yoziladi;
- belgilangan tushlik vaqtida chiqsangiz — «Obedga chiqdi», qaytsangiz — «Obeddan qaytdi».
Ish hududi — xodim biriktirilgan obyekt (masalan, sex yoki ofis): xaritadagi nuqta va uning atrofidagi radius. Obyektni HR CRM'da «Obyektlar» bo‘limida sozlaydi va xodimga biriktiradi. Agar sizga obyekt biriktirilmagan bo‘lsa, eng yaqin obyekt hisobga olinadi.
Real vaqtda bildirishnoma
Ilova chegaradan o‘tganingizni darhol sezadi va telefon pardasida xabar chiqaradi:
- «Ishga keldingiz — KELDI belgilandi»;
- «Ishdan ketdingiz — chegaradan o‘tdingiz, KETDI belgilandi»;
- «Tushlikka chiqdingiz» / «Ishga qaytdingiz».
Xabar faqat server yozuvni haqiqatan qabul qilganda chiqadi. Chegara yonida GPS «sakrab» turishi sabab yolg‘on «keldi-ketdi» bo‘lmasligi uchun ilova va serverda kichik zaxira masofa bor (qanday ishlashi — Davomat formulalari).
Diqqat
Telefon joylashuvni faqat ish kunlari va ish vaqti oralig‘ida yuboradi (obyektdagi ish vaqti, u bo‘lmasa admin sozlagan umumiy vaqt, odatda 08:00–18:00). Ish vaqtidan tashqarida joylashuvingiz yuborilmaydi va saqlanmaydi. Server faqat oxirgi nuqtani biladi — yurgan yo‘lingiz tarixi saqlanmaydi.
Bosh sahifadagi holat
Bosh sahifa yuqorisidagi katta karta hozirgi holatni ko‘rsatadi:
| Yozuv | Ma’nosi | Nima qilish kerak |
|---|---|---|
| ISHDASIZ | Siz ish zonasidasiz | Hech narsa |
| TUSHLIKDA | Tushlikka chiqqansiz | Qaytsangiz o‘zi belgilanadi |
| ZONA TASHQARISIDA | Ish hududidan tashqaridasiz | Zonaga kirsangiz «keldi» bo‘ladi |
| GPS ANIQMAS | Joylashuv aniq emas | Ochiq joyga chiqing |
| RUXSAT KERAK | Joylashuvga ruxsat berilmagan | «Sozlamalarni ochish» → ruxsat bering |
| AVTO-DAVOMAT O‘CHIQ | Avtomatik davomat o‘chirilgan | Pastdagi «Avto-davomat» tugmasini yoqing |
Kartada obyekt nomi, joriy koordinata va «Oxirgi aloqa» vaqti ham yoziladi.
Diqqat
«Avto-davomat» o‘chirilsa, davomat umuman belgilanmaydi. Uni doim yoqiq holda saqlang.
Boshqa usullar: Face ID, kiosk, PIN
Davomat faqat telefondan emas, boshqa yo‘llar bilan ham yozilishi mumkin. Har bir yozuv yonida uning manbai ko‘rinadi:
| Manba yorlig‘i | Qanday yozilgan |
|---|---|
| Zona (GPS) | Telefon ish hududiga kirdi yoki chiqdi |
| Face ID (yuz) | Eshikdagi yuz tanish terminali sizni tanidi |
| Kiosk terminal | Kirishdagi planshet-kiosk (hr.m-print.uz) orqali |
| PIN terminal | Terminalda PIN kod kiritildi |
| Qo‘lda | HR yoki rahbar qo‘lda kiritgan |
Face ID terminalida yuzingizni qayta-qayta ko‘rsatsangiz, tizim sizni yolg‘on «ketdi» qilib qo‘ymaydi: ichkaridaligingizda takror skan «qayta kirish» deb hisoblanadi (batafsil — Davomat formulalari).
Bugungi kun va davomat tarixi
Bosh sahifani pastga suring:
- Mening obyektim — obyekt nomi va ish vaqti (masalan, 09:00 – 18:00).
- Oylik (maosh) — jami oylik, olingan avans va qoldiq (pastda batafsil).
- Bugun — kelgan va ketgan vaqt, qancha ishlaganingiz. Kechiksangiz qizil yozuv chiqadi: «Bugun 12 daqiqa kechikdingiz».
- Bugungi harakatlar — kunning barcha yozuvlari manbasi bilan.

To‘liq tarixni ko‘rish:
- «Bugungi harakatlar» kartasida «To‘liq tarix» ni bosing.
- Yuqorida so‘nggi 30 kunning jami: ishlangan vaqt, qo‘shimcha vaqt va ish kunlari soni.
- Pastda har kun alohida: kelgan, ketgan vaqt, ishlagan soat va holat («Ishga keldi», «Kechikkan», «Kelmagan», «Ta’til», «Dam olish»). Kechikkan kunda «+12 daq kech» kabi yozuv bo‘ladi.
- Kunni bossangiz, o‘sha kunning barcha yozuvlari ochiladi.

Oylik va avans
Bosh sahifadagi «Oylik (maosh)» kartasida:
| Qator | Ma’nosi |
|---|---|
| Jami oylik | Shu oy uchun hisoblangan summa |
| Avans olindi | Shu oy hisobidan olgan avanslaringiz |
| Qoldiq | Jami oylik − avans (yana olishingiz kerak bo‘lgan pul) |
| Belgilangan oylik | Shartnomadagi oylik (fiksa oylikli xodimda) |
Oylik hali hisoblanmagan bo‘lsa «Hozircha oylik hisoblanmagan» yoziladi. Profil → «Oyligim» bo‘limida hisoblangan, avans, to‘langan va qolgan summalar batafsil ko‘rinadi.
Menejerlarda yana «Zakaz bonusi» kartasi bor: shu oy bosh menejer tasdiqlagan zakazlaringizdan hisoblangan bonus va oyma-oy jadval. Oylik qanday hisoblanishi — Oylik va bonus formulalari.
Profil
Profil bo‘limida: ism, lavozim, telefon, «Oyligim», «QR skaner» va boshqa bo‘limlar.

Ma’lumotlarni o‘zgartirish
- Profil → «Tahrirlash» ni bosing. Alohida sahifa ochiladi.
- Familiya, ism, otasining ismi, jins, tug‘ilgan kun va boshqa maydonlarni to‘g‘rilang.
- «Saqlash» ni bosing.
Admin tasdig‘i
Ism, tug‘ilgan kun va boshqa shaxsiy ma’lumot o‘zgarishi darhol qo‘llanmaydi: so‘rov administratorga yuboriladi, u tasdiqlagandan keyin profilingiz yangilanadi. Bitta xodimda bitta kutayotgan so‘rov bo‘ladi — yangi so‘rov eskisining o‘rnini egallaydi. Administrator ham o‘z so‘rovini o‘zi tasdiqlay olmaydi.
Quyidagilar tasdiqsiz o‘zgaradi:
- Telefon raqami — SMS kod bilan: «Telefon» → yangi raqam → kelgan 6 xonali kodni kiriting.
- Rasm (avatar) — rasm ustidagi kamera belgisi → «Kamera» yoki «Galereya».
- Parol — Profil sozlamalaridagi «Xavfsizlik» bo‘limida.
Agar administrator profilni tahrirlashni o‘chirib qo‘ygan bo‘lsa, «Tahrirlash» tugmasi ko‘rinmaydi.
QR skaner
Profil → «QR skaner» — ISHLOV planshetidagi QR kodni o‘qish uchun:
- planshetda «Kim bajardi?» so‘ralganda — «shu ishni men bajardim» deb tasdiqlash;
- planshetga login-parolsiz QR bilan kirish.
Bildirishnomalar
Bildirishnoma bo‘limida sizga kelgan xabarlar: yangi buyurtma biriktirildi, profil so‘rovi tasdiqlandi va boshqalar. O‘qilmaganlar ko‘k fonda, menyu belgisida soni turadi. Xabarni bossangiz tafsiloti ochiladi; tegishli sahifa bo‘lsa «O‘tish» tugmasi chiqadi.

Video konferensiya
Rahbar CRM'dan video konferensiya ochib sizni taklif qilsa:
- Telefonga «Video konferensiyaga taklif» bildirishnomasi keladi; bosh sahifada konferensiya kartasi chiqadi.
- Konferensiya hali boshlanmagan bo‘lsa — kartada «Batafsil»: mavzu, vaqt, tashkilotchi va talablar (kamera majburiymi).
- Boshlanganda karta yashil bo‘ladi («Video konferensiya — JONLI») va «Qo‘shilish» tugmasi chiqadi. Bildirishnoma «Video konferensiya boshlandi» ham keladi.
- Konferensiyada: mikrofon, kamera, old/orqa kamerani almashtirish va chiqish tugmalari.
Yuz nazorati
Konferensiyada «yuz nazorati» yoqilgan bo‘lsa, ilova har 10 soniyada kamerada yuzingiz borligini tekshiradi. Yuz uzoq vaqt ko‘rinmasa, ekranda sariq ogohlantirish chiqadi va tashkilotchiga xabar ketadi. Tekshiruv telefonning o‘zida bo‘ladi — rasm serverga yuborilmaydi. Tashkilotchi kim necha daqiqa qatnashganini va kamera qancha o‘chiq bo‘lganini ko‘radi.
Agar konferensiya yozib olinsa, ekranda «● YOZILMOQDA» belgisi turadi.
Ovozli ogohlantirish (qo‘ng‘iroq)
Sexda muhim hodisa bo‘lsa (brak chegaradan oshdi, stanok buzildi, muddat o‘tdi va boshqalar), tizim tegishli xodimga ilova ichida qo‘ng‘iroq qiladi — bu oddiy telefon qo‘ng‘irog‘i emas.
- Telefon jiringlaydi, ekranda xabar nomi chiqadi.
- «Javob berish» (yoki «Eshitish») ni bosing — ovozli xabar eshittiriladi: buyurtma raqami, mahsulot, sonlar va nima qilish kerakligi.
- Eshitib bo‘lgach oyna o‘zi yopiladi; serverga «eshitdi» deb yoziladi.
- «Rad etish» ni bossangiz yoki javob bermasangiz, xabar «javobsiz» deb belgilanadi.
Qaysi xabarlar kimga kelishini administrator CRM → «Ovozli ogohlantirish» bo‘limida sozlaydi. Ilova yopiq turganda ham qo‘ng‘iroq kelishi uchun telefonda fon rejimi ishlaydi.
Maslahat
Telefon sozlamalarida HODIM uchun «batareyani tejash»ni o‘chiring — aks holda telefon ilovani fonda to‘xtatib qo‘yishi va davomat hamda qo‘ng‘iroqlar kechikishi mumkin.
Lavozimga qarab qo‘shimcha imkoniyatlar
Menejer: yangi buyurtma
- Buyurtmalar bo‘limida «Yangi buyurtma» tugmasini bosing.
- Mijozni, mahsulotni (modul), o‘lcham, soni va qog‘ozni tanlang. Narx serverda avtomatik hisoblanadi.
- Saqlang. Buyurtma bosh menejer tasdig‘iga ketadi; u tasdiqlagach ish boshlanadi.

Bosh menejer: ombor qoldig‘i
Pastki menyudagi «Qoldiqlar» — ombordagi materiallar qoldig‘i (omborchi bo‘lmagan bosh menejerga).
Kassir: «Kassa»
Kassa bo‘limi OMBOR dasturidagi kassa bilan bitta jurnal:
- Yuqorida oy tanlanadi; kirim, chiqim va farq summalari ko‘rinadi.
- «Kirim» / «Chiqim» yorliqlari orasida o‘ting. Yozuvni bossangiz — chek ochiladi.
- «+» tugmasi: Pul kirimi, Pul chiqimi, Avans / Oylik, Zakazdan to‘lov.
- Avans yoki oylik berishda xodimni ism bo‘yicha qidiring va «Shu oy uchunmi?» savoliga javob bering.
To‘lov usuli belgilanmagan («Tanlanmagan») yozuvda «Naqd» yoki «Karta» ni tanlab qo‘yish mumkin. Batafsil — OMBOR va kassa.
Operator va sex xodimi: «Ishlarim»
ISHLOV planshetida ish yakunlanganda operator «kim bajardi» deb xodimlarni belgilaydi. Siz «Ishlarim» bo‘limida o‘zingiz haqidagi yozuvni ko‘rasiz va:
- «Men bajardim» — tasdiqlaysiz;
- «Bu men emasman» — rad etasiz.
Bu yozuvlar ishbay (donabay) oylik uchun muhim.
Rahbar va bosh menejer: «Tasdiqlash»
Imzo kutayotgan talabnomalar ro‘yxati. Talabnomani oching → «Imzolash» (barmoq izi, yuz yoki ekran qulfi bilan; qurilmada bular bo‘lmasa — parol) yoki «Rad etish» (sababini yozasiz). Birinchi marta imzolashda avval imzongizni ekranga chizasiz.
Muammo bo‘lsa
| Muammo | Sabab va yechim |
|---|---|
| «Keldi» yozilmadi | Avto-davomat yoqiqmi, joylashuvga «har doim» ruxsat berilganmi, internet bormi — tekshiring. Obyekt biriktirilganini HR'dan so‘rang |
| GPS ANIQMAS | Bino ichida signal kuchsiz. Deraza yoniga yoki tashqariga chiqing |
| Qo‘ng‘iroqlar kelmayapti | Bildirishnomaga ruxsat va «batareyani tejash» o‘chirilganini tekshiring |
| Profil o‘zgarmadi | O‘zgarish administrator tasdig‘ini kutyapti |
| Telefonga SMS kod kelmadi | Raqamni to‘g‘ri yozganingizni tekshiring; bo‘lmasa administratorga murojaat qiling |