ISHLOV — sexdagi planshet
ISHLOV — sexdagi stanok yonida turadigan Android planshet ilovasi. Operator u orqali o‘ziga tushgan ishlarni ko‘radi, ishni boshlaydi, qancha qilinganini va brakni kiritadi, ishni yakunlaydi. Kim qancha ishlagani shu yerdan oylikka (donabay) va hisobotlarga o‘tadi.

Rasmlar haqida
Rasmlar sinov ma’lumotlari bilan olingan.
O‘rnatish
- Planshetda Yuklab olish sahifasini oching va ISHLOV ilovasini (APK) yuklab oling.
- Faylni ochib o‘rnating (noma’lum manbaga ruxsat so‘ralsa — bering).
- Ilova yangi versiya chiqsa, o‘zi yangilanishni taklif qiladi.
Planshet yotiq ham, tik ham ishlaydi. Server manzili ilovada ko‘rinmaydi va sozlanmaydi.
Kirish

Ikki usul bor:
Login va parol bilan
- «Login» va «Parol» maydonlarini to‘ldiring.
- «Kirish» ni bosing.
- Hisobingizda ikki bosqichli tasdiq yoqilgan bo‘lsa, autentifikator ilovasidagi 6 xonali kodni kiriting.
QR bilan (telefondan)
- «QR bilan kirish» ni bosing — ekranda QR kod chiqadi.
- Telefoningizdagi HODIM ilovasida Profil → «QR skaner» ni oching va kodni skanerlang.
- Telefonda tasdiqlang — planshet o‘zi ochiladi.
Diqqat
Ishlab chiqarishda ishlash ruxsati bo‘lmagan xodim kira olmaydi: kirish oynasida server xabari chiqadi va sessiya ochilmaydi. Stanok boshqa sex yoki filialga tegishli bo‘lsa ham kirib bo‘lmaydi.
Ikki ish rejimi
Administrator ISHLOV uchun ikki rejimdan birini tanlaydi:
| Rejim | Nima bo‘ladi |
|---|---|
| Zakazlar rejimi (standart) | Kirgandan keyin barcha zakazlar ro‘yxati chiqadi. Zakaz ochilganda planshet o‘sha ishning stanogi bilan ishlaydi. Stanok tanlash so‘ralmaydi |
| Stanok rejimi | Planshet bitta stanokka biriktiriladi va faqat o‘sha stanok navbatini ko‘rsatadi |
Stanok rejimida: planshetni stanokka biriktirish (bir marta)
- Birinchi kirishda «Stanokni tanlang» oynasi chiqadi.
- Planshet turgan stanokni tanlang.
- «… stanogiga biriktirilsinmi?» savoliga «Biriktirish» ni bosing.
Shundan keyin planshet shu stanokda qoladi — keyingi kirishlarda stanok so‘ralmaydi. Boshqa stanokka o‘tkazish faqat sex boshlig‘i orqali (CRM → Ishlab chiqarish → Planshetlar → «Uzish»). Biriktiriladigan stanok bo‘lmasa, «Sex boshlig‘iga murojaat qiling» yoziladi.
Zakazlar ro‘yxati
Zakazlar rejimida yuqorida qidiruv (zakaz, mahsulot yoki stanok bo‘yicha) va to‘rtta yorliq bor: Jarayonda, Navbatda, Kutilmoqda, Tugagan.
Har kartada:
- zakaz raqami, mahsulot, joriy ishlov va stanok;
- muddat: «3 kun qoldi» (yashil) yoki «2 kun kechikdi» (qizil);
- bosqichlar zanjiri: bajarilgani yashil belgi bilan;
- «Omborda yetmaydi» — material yetishmasa, nima qancha kerakligi bilan;
- shoshilinch zakaz qizil «SHOSHILINCH» belgisi bilan.
Kartadagi tugmalar:
- «Batafsil» — zakaz haqida (mijoz, menejer, muddat, miqdor), buyurtmaning qaysi bosqichdaligi, qilingan va qilinmagan ishlovlar, har bosqichni kim bajargani.
- «Ochish» — shu ishning ish ekrani.

Stanok navbati
Stanok rejimida (yoki zakaz ochilgach) bosh ekranda:
- yuqorida joriy ish — qancha qilingani va foizi;
- Tayyor navbat — boshlash mumkin bo‘lgan ishlar. Shoshilinch ishlar doim birinchi turadi, keyin muddat bo‘yicha;
- Kutilmoqda — hali boshlab bo‘lmaydigan ishlar va sababi (masalan, «Oldingi bosqich tugamagan»);
- Bajarilganlar, Mening ishim, Sarf va chiqindi, Nosozlik yorliqlari.

Navbat tartibini server belgilaydi — planshetda o‘zgartirilmaydi. Ekranda mijoz telefoni va narxlar ko‘rsatilmaydi.
Ishni bajarish — qadamma-qadam
1. Boshlash
- Navbatdan ishni bosing — ish ekrani ochiladi.
- «ISHNI BOSHLASH» ni bosing.
Ish bloklangan bo‘lsa (oldingi bosqich tugamagan, quritish kutilmoqda va hokazo) tugma o‘chiq, sababi yozilgan bo‘ladi. Stanokda profil sozlanmagan bo‘lsa — «Profil sozlanmagan — boshlash bloklangan». Internet bo‘lmasa yangi ishni boshlab bo‘lmaydi.
Stanokka IoT kontroller ulangan bo‘lsa, «Boshlash so‘raldi — kontroller tasdig‘i kutilmoqda» yoziladi: kontroller tasdiqlagach ish boshlanadi. Kontroller javob bermasa, so‘rov biroz vaqtdan keyin o‘zi bekor bo‘ladi va ish navbatga qaytadi.
2. Son kiritish

Ish ekranida tepada Fakt / Reja (masalan, 12 400 / 20 000) va brak (masalan, «Brak: 35 / 600» — qilingan / ruxsat etilgan).
- +100, +500, +1 000 — tayyor sonni tez qo‘shish;
- «SON KIRITISH» — aniq sonni yozish (masalan 2 350). Kiritilgan son hisoblagich ustiga qo‘shiladi.
Kiritilgan son zakaz rejasi va braq zaxirasidan oshib ketsa, ilova «Rejadan oshyapti» deb ogohlantiradi va faqat «Ha, qo‘shimcha qo‘shdim» belgilansa qabul qiladi.
3. Brak kiritish
- «BRAK» tugmasini bosing.
- Brak sonini yozing. Sababini tanlash ixtiyoriy: sozlash, material, uskuna, operator xatosi.
- Saqlang.
Brak pauza paytida ham yoziladi. Brak ruxsat etilgandan ko‘p bo‘lsa ogohlantirish chiqadi, lekin baribir qabul qilinadi — rahbarga ovozli xabar ketadi.
4. Pauza
«PAUZA» → sababini tanlang: uskuna nosozligi, material kutish, tanaffus, sifat muammosi. Davom ettirish uchun «DAVOM ETTIRISH». Pauzada son qo‘shib bo‘lmaydi, faqat brak yoziladi.
Uskuna buzilsa — «Nosozlik» yorlig‘idan xabar bering: joriy ish pauzaga olinadi va sex boshlig‘iga xabar boradi.
5. Yakunlash
Faqat reja bajarilganda
Ishni hisoblagich rejaga yetmaguncha yakunlab bo‘lmaydi. Tugma «YAKUNLASH — yana 7 600 kerak» ko‘rinishida turadi. Reja bajarilgach katta «YAKUNLASH» tugmasi chiqadi.
- «YAKUNLASH» ni bosing.
- «Kim bajardi?» oynasi chiqadi (pastda batafsil) — ishni bajarganlarni belgilang va «Davom etish» ni bosing.
- «Ishni yakunlash» oynasida uchta son kiriting:
- Sof (yaxshi) — hisoblagichdagi son o‘zi qo‘yiladi, kerak bo‘lsa to‘g‘rilang;
- Brak;
- Qayta ishlovga — qayta ishlashga ketadigan son.
- «Jami ishlangan» o‘zi hisoblanadi: sof + brak + qayta ishlov.
- «Tasdiqlayman» ni bosing.

Misol: reja 20 000 varaq. Sof 20 000, brak 120, qayta ishlov 30 kiritildi. Jami: 20 000 + 120 + 30 = 20 150 varaq. Reja o‘zgarmaydi — oynada faqat «Reja to‘liq bajarildi» yoki «Sof son rejadan kam/ko‘p» deb solishtiriladi.
Tasdiqlash tugmasi o‘chiq bo‘lsa, sababi yozib turiladi:
- «Sof (yaxshi) yoki brak sonini kiriting» — hech narsa kiritilmagan;
- «Jami … — rejadan kam» — jami rejadan kichik. «Reja bo‘yicha» tugmasi sof sonni rejaga tenglab qo‘yadi;
- «Sarf maydonlari to‘ldirilmagan» — stanokda sarf majburiy bo‘lsa, maydonlarni to‘ldiring yoki «Keyin»ni tanlang.
Sarf majburiy bo‘lmagan stanokda «Sarfni ham kiritish (ixtiyoriy)» bo‘limi yopiq turadi.
Yakunlangach «Bajarildi» oynasi zakaz qayerga yetganini va keyingi bosqichni ko‘rsatadi.
«Kim bajardi?» — login-parolsiz tasdiqlash

Ishni bajargan har bir xodim belgilanishi kerak. Login va parol so‘ralmaydi:
- Ro‘yxatdan belgilash: xodimlar ro‘yxatidan (ism bo‘yicha qidirish mumkin) bajarganlarni belgilab, «Tanlanganlarni tasdiqlash» ni bosing. «Shu yo‘nalishda» yorlig‘i — shu ishga biriktirilgan xodimlar.
- QR bilan (telefon): xodim HODIM ilovasida «QR skaner» bilan ekrandagi kodni o‘qiydi — «… tasdiqladi» chiqadi.
Kamida bitta xodim tasdiqlanmaguncha «Davom etish» o‘chiq. QR bilan kirgan xodim o‘zi avtomatik tasdiqlangan bo‘ladi.
Belgilangan xodimlar HODIM ilovasidagi «Ishlarim» bo‘limida «Men bajardim» yoki «Bu men emasman» deb javob beradi.
Rahbar tasdig‘i
Ba’zi holatlarda tizim rahbar tasdig‘ini so‘raydi («Smena tasdig‘i»):
- boshlash uchun rahbar tasdig‘i talab qilingan stanokda;
- kiritilgan son tizim hisoblagichidan farq qilsa.
Rahbar o‘z HODIM telefonida «QR skaner» bilan planshetdagi kodni o‘qiydi.
Oxirgi bosqich: upakovka va omborchi
Zakazning oxirgi bosqichi (odatda upakovka) yakunlangach planshetda «Barcha bosqichlar bajarildi — zakazni omborchi yakunlaydi» yoziladi. Tayyor mahsulotni omborchi qabul qiladi va zakazni topshirishga tayyorlaydi (OMBOR dasturida).
«Mening ishim»
«Mening ishim» yorlig‘ida o‘z natijangiz: Bugun, Shu hafta, Shu oy.
| Ko‘rsatkich | Ma’nosi |
|---|---|
| Tugatilgan ishlar | Yakunlagan ishlar soni (hozir ochiq ish ham ko‘rsatiladi) |
| Ishlangan (jami) | Sof + brak + qayta ishlov yig‘indisi |
| Yaxshi | Sof son |
| Brak | Brak soni va ishlanganning necha foizi |
| Qayta ishlovga | Qayta ishlov soni |
| Ish vaqti | Ishlar ustida o‘tgan vaqt |
Pastda har bir ish: zakaz, mahsulot, stanok, «yaxshi / reja» va brak.

Misol: bugun 2 ta ish, ishlangan 1 500, shundan brak 50 → brak ulushi 50 ÷ 1 500 × 100 = 3,3%.
Sonlar ishni yakunlashda o‘zingiz kiritgan «yaxshi / brak / qayta ishlov» miqdorlaridan olinadi.
Planshet bloklansa
Sex boshlig‘i CRM'da planshetni bloklashi mumkin. Unda ilova yuqorisida qizil chiziq chiqadi: «Qurilma deaktivatsiya qilingan: [sabab]». Planshet stanokda qoladi, lekin ish qilib bo‘lmaydi. Blokdan chiqarish — CRM → Ishlab chiqarish → Planshetlar → «Blokdan chiqarish».
Agar planshet CRM'dan uzilgan bo‘lsa, operator qayta parol kiritmaydi — stanok tanlash oynasi ochiladi va planshet qayta biriktiriladi.
Aloqa uzilsa
Yuqorida holat belgisi turadi: «Sinxron» (hammasi yuborilgan), «N ta yuborilmagan» yoki «Oflayn». Internet yo‘q paytda joriy ish bo‘yicha kiritilgan sonlar planshetda saqlanadi va aloqa tiklanganda o‘zi yuboriladi. Yangi ish boshlab bo‘lmaydi.
Boshqa imkoniyatlar
- Quyosh rejimi (quyosh belgisi) — yorug‘ joyda ko‘rinishni kuchaytiradi.
- Til (globus belgisi) — o‘zbek, rus, ingliz.
- Ovozli ogohlantirish — muhim hodisada planshetga qo‘ng‘iroq oynasi keladi: «Eshitish» ni bosing, xabar eshittiriladi.