Kataloglar — materiallar va ro‘yxatlar
Kim uchun: tizim administratori. «Sozlamalar» sahifasini faqat super administrator ko‘radi.
Kataloglar — tizim bo‘ylab ishlatiladigan ro‘yxatlar: qog‘oz va boshqa materiallar, mahsulot turlari, ishlovlar, bosma turlari, rad sabablari, mijoz segmentlari. MENEJER zakaz hisoblaganda, OMBOR kirim-chiqim qilganda va dizayner maketni rad etganda aynan shu ro‘yxatlardan tanlanadi.
Kirish: CRM → Sozlamalar → Kataloglar yorlig‘i. Yuqoridagi tugmachalar bilan katalog tanlanadi: Materiallar, Mahsulot turlari, Ishlovlar, Bosma turlari, Rad sabablari, Mijoz segmentlari.
Rasmlar haqida
Rasmlar sinov ma’lumotlari bilan olingan: nomlar va narxlar namunaviy.
Ishlovlar (CTP, lak, laminatsiya, tigel va h.k.) narxga eng ko‘p ta’sir qiladi, shuning uchun ular alohida sahifada: Ishlovlar va narx hisobi.
Hamma kataloglar uchun umumiy amallar
| Amal | Qanday | Nima bo‘ladi |
|---|---|---|
| Qo‘shish | O‘ngdagi «Qo‘shish» tugmasi | Oyna ochiladi: kod, nomi (o‘zbekcha majburiy; ruscha va inglizcha bo‘sh qolsa o‘zbekchasi yoziladi) va katalogga xos maydonlar |
| Tahrirlash | Qatordagi «Tahrirlash» | Shu oyna to‘ldirilgan holda ochiladi |
| Faol / nofaol | «Faol» ustunidagi kalit | Nofaol yozuv yangi zakazlarda, MENEJER va OMBOR ro‘yxatlarida chiqmaydi; eski hisob-kitoblarda nomi qoladi |
| O‘chirish | Qatordagi savat belgisi | Yozuv biror zakaz yoki hisob-kitobda ishlatilgan bo‘lsa o‘chirilmaydi, faqat nofaol qilinadi («Nofaol qilindi (ishlatilgan)» xabari). Ishlatilmagan bo‘lsa o‘chiriladi |
- Kod har katalog ichida takrorlanmasligi kerak («Bu kod allaqachon mavjud» xatosi). Yangi yozuvda kodni albatta kiriting — server kodsiz yozuvni qabul qilmaydi (materiallardan tashqari: ularda kod o‘zi beriladi).
- Nomlar lotincha saqlanadi: kirill harfida yozsangiz, tizim o‘zi lotinchaga o‘giradi.
- O‘zgarish MENEJER va boshqa dasturlarga darhol yetadi (umumiy katalog keshi tozalanadi).
Materiallar

Bu — ombordagi barcha mahsulotlar: qog‘oz, karton, lak, bo‘yoq, plyonka va h.k. Jadvalda: kod, nomi, kategoriya, zichlik (g/m²), eni va bo‘yi (mm), birlik, narx, faol. O‘ng yuqoridagi ro‘yxat bilan kategoriya bo‘yicha filtrlash mumkin.
Yangi mahsulot qo‘shish

- «Materiallar» tanlangan holda «Qo‘shish» ni bosing. OMBOR dasturidagi bilan bir xil «Yangi mahsulot» oynasi ochiladi.
- Kategoriyani tanlang (masalan «Melovka»). Oynadagi qolgan maydonlar kategoriya sozlamasiga qarab chiqadi (Mahsulot kategoriyalari).
- Kod — bo‘sh qoldirsangiz tizim o‘zi beradi (MP001, MP002 …).
- Nomi — masalan «Melovka 300 g 70×100».
- Birlik — faqat kategoriyada ruxsat etilgan birliklar chiqadi (masalan list yoki kg).
- Kategoriyaga qarab: Zichlik (g/m²), Eni (mm) va Bo‘yi (mm), 1 o‘ramda nechta va O‘ram birligi, Rang (rang so‘raladigan kategoriyada majburiy).
- Minimal qoldiq va Narx (so‘m).
- «Saqlash».
Diqqat
Agar «Mahsulot kategoriyalari» yorlig‘ida «OMBOR dasturida mahsulot qo‘shish» kaliti o‘chirilgan bo‘lsa, yangi mahsulot bu yerdan ham qo‘shilmaydi («Mahsulot qo‘shish administrator tomonidan yopilgan» xabari). Avval kalitni yoqing.
Mahsulotni tahrirlash

Qatordagi «Tahrirlash» bosilganda: kod, nomi (uch tilda), kategoriya, zichlik, eni, bo‘yi, birlik, narx va (rang so‘raladigan kategoriyada) rang o‘zgartiriladi. Minimal qoldiq va qadoq miqdori bu oynada yo‘q.
Maydonlar va ularning ta’siri
| Maydon | Nima | Narxga / ishga ta’siri |
|---|---|---|
| Kategoriya | Mahsulot qaysi guruhga tegishli | MENEJER’da qog‘oz kategoriya bo‘yicha tanlanadi; OMBOR’da kirim-chiqim ro‘yxati shunga qarab chiqadi |
| Kod | Qisqa belgi | Faqat qidirish va ajratish uchun |
| Nomi | To‘liq nomi | Hamma dasturlarda shu nom ko‘rinadi |
| Birlik | list, kg, litr, rulon … | Narx hisobini o‘zgartiradi: birlik «list» bo‘lsa qog‘oz narxi = kerakli listlar × narx. Boshqa birlikda (masalan kg) narx kilogramm narxi deb olinadi: listlar × list og‘irligi (eni × bo‘yi × zichlik) × narx |
| Zichlik (g/m²) | 1 m² ning og‘irligi | Birlik kg bo‘lsa narxga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi; qog‘oz og‘irligi hisobida ishlatiladi. Bo‘sh bo‘lsa hisob 300 g/m² deb oladi |
| Eni × bo‘yi (mm) | Butun list o‘lchami | Raskroy shu o‘lchamdan: bir listga nechta mahsulot sig‘ishi, kerakli listlar soni, A3 yoki A2 format (bosma va CTP narxi) shunga bog‘liq. Bo‘sh bo‘lsa hisob 700 × 1000 mm deb oladi |
| Narx | 1 birlik narxi (so‘m) | Qog‘oz narxi shu narxdan hisoblanadi. 0 bo‘lsa qog‘oz narxi yozilmaydi |
| Minimal qoldiq | Ogohlantirish chegarasi | Qoldiq shundan kam bo‘lsa omborda «Kam» belgisi chiqadi |
| Qadoq (1 o‘ramda nechta) | Masalan 1 rulonda necha metr | OMBOR kirimda o‘ram soni bilan kiritishga yordam beradi |
| Rang | Ranglar ro‘yxatidan | Bo‘yoq va shunga o‘xshash mahsulotlarni ajratish uchun |
Misol. «Melovka 300 g 70×100», birlik — list, narx — 2 450 so‘m. Zakazga 1 640 list kerak bo‘lsa, qog‘oz narxi = 1 640 × 2 450 = 4 018 000 so‘m.
Maslahat
Qog‘oz va kartonni list birligida va list narxi bilan kiriting — hisob eng aniq shunda bo‘ladi. List o‘lchamini aniq yozing: 70×100 o‘rniga 72×104 yozilsa raskroy boshqacha chiqadi.
Mahsulot turlari

Zakaz qilinadigan mahsulot turlari: quti, vizitka, flayer, katalog, paket va h.k.
| Maydon | Nima | Ta’siri |
|---|---|---|
| Kod, Nomi | Turning belgisi va nomi | Zakazda tur shu nom bilan tanlanadi |
| Kategoriya | Matn (masalan package, card, sheet, multi) | Guruhlash uchun |
| Birlik | Odatda dona | Zakazda miqdor birligi |
Har turga tizim darajasida «standart operatsiyalar» ro‘yxati bog‘langan (masalan quti: dizayn, CTP, bosma, laminatsiya, tigel, yelimlash). Ular ishlab chiqarish marshruti va «Hisoblama va kesish» ishlovi narxida ishlatiladi. Bu ro‘yxat bu oynada tahrirlanmaydi.
Bosma turlari

Bosma usullari ro‘yxati (ofset, raqamli, UV va h.k.). Oynada narx usuli, narx va narx birligi maydonlari bor.
Diqqat
Hozirgi hisob-kitobda bosma narxi bu katalogdan olinmaydi: ofset bosma narxi Narxlar yorlig‘idagi «Bosma A3 / A2» qiymatlaridan hisoblanadi. Bu katalogdagi narx maydonlarini to‘ldirish zakaz narxini o‘zgartirmaydi.
Rad sabablari

Maket rad etilganda va brak dalolatnomasi yozilganda tanlanadigan sabablar (dizayn xatosi, rang farqi, material nuqsoni, mijoz rad etdi …).
| Maydon | Nima |
|---|---|
| Kod, Nomi | Sabab belgisi va nomi |
| Turi | Majburiy. Mavjud yozuvlarda: rework (qayta ishlash), defect (brak), cancel (bekor qilish). Yangi sabab qo‘shsangiz shu uchtasidan birini yozing |
Faqat faol sabablar tanlanadi.
Mijoz segmentlari

Mijozlar guruhi: Oddiy, VIP, Yangi, Diler va h.k. Mijoz kartasida segment tanlanadi, mijozlar ro‘yxatida segment bo‘yicha filtrlanadi.
| Maydon | Nima | Ta’siri |
|---|---|---|
| Kod, Nomi | Segment belgisi va nomi | Mijozlar ro‘yxatida rangli belgi |
| Chegirma (%) | Segment chegirmasi | Ma’lumot uchun — MENEJER hisobiga avtomatik qo‘shilmaydi. Zakazga chegirma menejer «Qo‘shimcha ishlovlar»da chegirma bandini (masalan «VIP chegirma») tanlaganda beriladi — qarang Ishlovlar |
| Kredit limiti | Segment kredit limiti | Ma’lumot uchun; mijozning o‘z kredit limiti uning kartasida |
Operatsiyalar
«Operatsiyalar» katalogi CRM’da yashirilgan (ishlovlar katalogi yetarli). Ma’lumotlari saqlanib turibdi: ishlab chiqarish marshruti, ISHLOV planshetlari va stanok profillari shu operatsiyalar bilan ishlaydi. Ishlovni operatsiyaga bog‘lash — Stanoklar va planshetlar.