Raskroy va qog‘oz sarfi
Kim uchun: menejer, dizayner, omborchi. Raskroy — mahsulotni qog‘oz listiga eng kam chiqindi bilan joylash. Bu sahifada bir listga nechta mahsulot chiqishi, list qanday bo‘linishi, burish, optimizatsiya va chiqindi foizi qanday hisoblanishi tushuntiriladi. Shu son keyin zakaz narxiga va ombordagi qog‘oz sarfiga o‘tadi.
Asosiy tushunchalar
| Tushuncha | Maʼnosi |
|---|---|
| List | Ombordagi butun qog‘oz varag‘i, masalan 620 × 880 mm yoki 700 × 1000 mm |
| Bo‘linma | Bosmadan oldin list kesilgan bo‘lagi (list 4 ga bo‘linsa — 4 ta bo‘linma) |
| Mahsulot (detal) | Bitta mahsulotning qog‘ozdagi o‘lchami. Modulli zakazda — yoyilma (pichoq chizmasi)ning tashqi o‘lchami |
| Oraliq | Qo‘shni mahsulotlar orasidagi kesish bo‘shlig‘i, mm |
| Zapas (bleed) | Mahsulotning har tomoniga qo‘shiladigan bosma zaxirasi, mm |
| Chekka | List chetidagi bosilmaydigan (ushlagich) qism, mm |
| Dona-list | Bir butun listdan chiqadigan mahsulot soni |
| Chiqindi foizi | Listning mahsulot egallamagan qismi, % |
1. Listni bo‘lish
MENEJERda Nechiga bo‘linadi tanlovi butun listga tegishli: mahsulot avval bo‘linmaga joylanadi, keyin natija bo‘linmalar soniga ko‘paytiriladi.
| Tanlov | Bo‘linish variantlari (ustun × qator) | 620 × 880 listda bitta bo‘linma |
|---|---|---|
| Yo‘q | 1 × 1 | 620 × 880 mm |
| 2 | 2 × 1 yoki 1 × 2 | 310 × 880 yoki 620 × 440 mm |
| 4 | 2 × 2, 4 × 1 yoki 1 × 4 | 310 × 440, 155 × 880 yoki 620 × 220 mm |
| 6 | 3 × 2, 2 × 3, 6 × 1 yoki 1 × 6 | 206,7 × 440, 310 × 293,3, … |
| Qo‘lda | bitta bo‘lak — kesish eni × bo‘yi (santimetrda kiritiladi) | masalan 30 × 42 sm |
Aylana tugma variantlar orasida almashtiradi (balansli → eniga → bo‘yiga). «Qo‘lda» tanlansa hisob faqat bitta bo‘lak uchun qilinadi.
Bo‘linma o‘lchami bosma formatini ham belgilaydi: 320 × 450 mm ichiga sig‘sa — A3, aks holda — A2 (narxga taʼsiri: Zakaz narxi).
2. Bo‘linmaga joylash (MENEJER)
MENEJER mahsulotni bo‘linmaga oraliq bilan joylaydi (standart 2 mm, joylashuv oynasida 0–50 mm oralig‘ida o‘zgartiriladi). Bu hisobda zapas va list chekkasi qo‘shilmaydi.
Bir qatorga nechta sig‘ishi:
ustunlar = ⌊ (bo‘linma eni + oraliq) ÷ (mahsulot eni + oraliq) ⌋
qatorlar = ⌊ (bo‘linma bo‘yi + oraliq) ÷ (mahsulot bo‘yi + oraliq) ⌋(⌊ ⌋ — pastga yaxlitlash.)
Dastur to‘rtta variantni sinaydi va eng ko‘p dona chiqqanini oladi:
- To‘g‘ri panjara — hamma mahsulot bir yo‘nalishda.
- Burilgan panjara — hammasi 90° burilgan.
- Aralash A — asosiy blok to‘g‘ri, qolgan o‘ng tasma (to‘liq balandlik) va pastki tasma (asosiy blok enida) burilgan mahsulot bilan to‘ldiriladi.
- Aralash B — asosiy blok burilgan, qolgan tasmalar to‘g‘ri mahsulot bilan.
Bu «giltotina» usuli: har joylashuvni to‘g‘ri chiziqli kesishlar bilan ajratib olish mumkin.
Joylashuv xaritasida: ko‘k — to‘g‘ri joylashgan, yashil — 90° burilgan, shtrix — qoldiq maydon. Har mahsulot raqamlangan.
3. Optimizatsiya (yoyilmalar uchun)
Quti yoyilmasi to‘rtburchak emas: qanot va tilchalar orasida bo‘sh joy qoladi. Optimizatsiya yoyilmalarni haqiqiy shakli bo‘yicha joylaydi — qo‘shni yoyilmalar bir-birining bo‘sh joyiga kiradi, lekin ustma-ust tushmaydi va orasida kamida oraliq qoladi.
Qanday ishlaydi (soddalashtirilgan):
- Yoyilma konturi mayda katakchalarga (rastrga) aylantiriladi; katak shaklni doim to‘liq qoplaydi.
- Ikki xil panjara sinaladi: bitta yo‘nalishdagi (0° yoki 90°) va juftlik — bir nusxa va 180° burilgan ikkinchi nusxa bir-biriga kiritilgan holda.
- Har panjara bo‘linmaga bir necha boshlang‘ich nuqtadan to‘ldiriladi, eng ko‘p sig‘gani olinadi.
- Natija oddiy joylashuvdan ko‘p chiqsagina qo‘llanadi; aks holda «Bu joylashuv allaqachon eng zich» yozuvi chiqadi.
Modul biriktirilgan zakazda optimizatsiya o‘zi yoqiladi. Modulsiz zakazda (oddiy to‘rtburchak mahsulot) uni Optimizatsiya tugmasi yoqadi — bu holda u asosan ekrandagi sonni narxga o‘tkazish uchun kerak (pastga qarang). Oddiy joylashuv havolasi optimizatsiyani o‘chiradi.
4. Ishlangan misol
Berilgan: vizitka 90 × 50 mm, list 620 × 880 mm, 4 ga bo‘linadi (2 × 2) → bo‘linma 310 × 440 mm, oraliq 2 mm.
| Variant | Hisob | Dona |
|---|---|---|
| To‘g‘ri panjara | ⌊ 312 ÷ 92 ⌋ = 3 ustun; ⌊ 442 ÷ 52 ⌋ = 8 qator | 3 × 8 = 24 |
| Burilgan panjara (50 × 90) | ⌊ 312 ÷ 52 ⌋ = 6; ⌊ 442 ÷ 92 ⌋ = 4 | 6 × 4 = 24 |
| Aralash A | asosiy 24; o‘ng tasma eni 34 mm (50 mm burilgan mahsulot sig‘maydi); pastki tasma 24 mm | 24 + 0 = 24 |
| Aralash B | asosiy burilgan 6 × 4 = 24 (egallagan bo‘yi 366 mm); pastki tasma 440 − 368 = 72 mm: ⌊ 312 ÷ 92 ⌋ = 3 to‘g‘ri mahsulot | 24 + 3 = 27 |
Natija: bo‘linmaga 27 dona, listga 27 × 4 = 108 dona.
Chiqindi foizi: bo‘linma yuzasi 310 × 440 = 136 400 mm², mahsulotlar 27 × 90 × 50 = 121 500 mm² → chiqindi = (1 − 121 500 ÷ 136 400) × 100 ≈ 10,9%.
Qog‘oz sarfi (soni 1 000, braq 100):
| Ko‘rsatkich | Formula | Natija |
|---|---|---|
| Zakaz listlari | ⌈ 1 000 ÷ 108 ⌉ | 10 list |
| Qog‘oz listlari | ⌈ (1 000 + 100) ÷ 108 ⌉ | 11 list (10 + 1 braq) |
| Bosma listlar | 10 × 4 | 40 ta |
MENEJER «Buyurtma hisobi» kartasida aynan shunday yoziladi: «Jami: 11 list (10 + 1 braq)», «1 listdan: 108 dona (4 bo‘lak × 27 dona)», «Bosma list: 40 ta».

Ikki xil hisob
Bir listga nechta chiqishini tizimda bir necha joy hisoblaydi va ularning qoidalari bir xil emas. Shuning uchun turli ekranlarda son farq qilishi mumkin.
| Qayerda | Nimaga joylaydi | Oraliq | Zapas | Chekka | Misol (90 × 50, list 620 × 880) |
|---|---|---|---|---|---|
| MENEJER joylashuvi (ekrandagi xarita) | bo‘linmaga, 4 variant + optimizatsiya | 2 mm | yo‘q | yo‘q | 27 × 4 = 108 |
| Server narx hisobi (MENEJER ekrandagi sonni yubormasa) | butun listga, to‘g‘ri yoki burilgan panjara | yo‘q | 3 mm | 10 mm | 90 |
| Server o‘lchovi (modulli zakazga bog‘lanadigan hisob) | butun listga, to‘g‘ri yoki burilgan panjara | 4 mm | 3 mm | 10 mm | 84 |
| DIZAYNER «Raskroy» | butun listga, panjara + bitta burilgan tasma | dizayner kiritadi | dizayner kiritadi | dizayner kiritadi | sozlamaga bog‘liq |
Server narx hisobi qanday chiqdi: mahsulot zapas bilan 96 × 56 mm, ishchi maydon 600 × 860 mm → to‘g‘ri ⌊ 600 ÷ 96 ⌋ × ⌊ 860 ÷ 56 ⌋ = 6 × 15 = 90, burilgan 10 × 8 = 80 → 90.
Server o‘lchovi: ⌊ (600 + 4) ÷ (96 + 4) ⌋ × ⌊ (860 + 4) ÷ (56 + 4) ⌋ = 6 × 14 = 84, burilgan 10 × 8 = 80 → 84.
Narx qaysi son bilan hisoblanadi
MENEJER (1.4.50 dan) har doim ekrandagi joylashuvni (misolda bir listga 108 dona) serverga yuboradi va narx shu son bilan hisoblanadi — modul tanlanganmi, «Optimizatsiya» bosilganmi, farqi yo‘q. Narx kartasidagi «1 listdan: … dona» qatori ekrandagi xarita bilan bir xil bo‘ladi.
Eski MENEJER versiyalarida modulsiz zakazda (optimizatsiyasiz) server o‘z hisobini (misolda 90) ishlatardi — qog‘oz qimmatroq chiqardi. Dasturni yangilang.
Server ekrandan kelgan sonni ham tekshiradi: son server o‘zi topgan sondan ham, «list yuzasi ÷ mahsulot yuzasi × 2,5» chegarasidan ham katta bo‘lsa, «Bir varaqqa N dona sig‘maydi» xatosi qaytadi.
DIZAYNER: eng kam chiqimli qog‘ozni tanlash
DIZAYNER dasturidagi Raskroy oynasi bitta qog‘oz emas, ombordagi o‘lchami kiritilgan barcha qog‘ozlarni solishtiradi:
- Har qog‘oz uchun: mahsulot + 2 × zapas o‘lchamida, chekkadan ichkarida, asosiy panjara bir yo‘nalishda va qolgan o‘ng yoki pastki tasma burilgan mahsulot bilan to‘ldiriladi (qaysi biri ko‘p chiqsa). Ikkala asosiy yo‘nalish sinaladi.
- Listlar soni = ⌈ tiraj ÷ dona-list ⌉, narx = listlar × list narxi (kg bo‘lsa — og‘irlik orqali).
- Chiqindi foizi = 100 − (dona-list × mahsulot yuzasi ÷ list yuzasi × 100) — sof mahsulot (zapassiz) yuzasi bo‘yicha.
- Ro‘yxat tartibi: avval eng kam chiqindi, keyin eng arzon, keyin eng kam list. Birinchisi «eng kam chiqim» deb belgilanadi va omborda yetarli qoldiq bor-yo‘qligi ko‘rsatiladi.
Maslahat
Qog‘oz raskroyda ko‘rinishi uchun omborda uning list o‘lchami (eni va bo‘yi, mm) kiritilgan bo‘lishi shart. O‘lchamsiz material (bo‘yoq, lak, yelim) bu ro‘yxatga tushmaydi.