Skip to content

Zakazning yo‘li ​

Kim uchun: menejer, dizayner, omborchi, sex boshlig‘i, operator, buxgalter va rahbar — ya’ni zakaz bilan ishlaydigan har bir kishi uchun. Bu sahifa zakaz qabul qilingandan mijozga topshirilgunicha qaysi bosqichlardan o‘tishini, har bosqichda kim nima qilishini va zakaz nega to‘xtab qolishi mumkinligini tushuntiradi.

Asosiy qoida ​

Zakazning holati (bosqichi) faqat belgilangan tartibda o‘zgaradi. Bosqichni o‘tkazib yuborib bo‘lmaydi, har o‘tishni faqat ruxsati bor rol bajaradi. Har bir o‘tish zakaz tarixiga yoziladi: kim, qachon, qaysi holatdan qaysi holatga. Holat o‘zgarsa, zakaz menejeriga bildirishnoma ketadi.

Nega bunday qat’iy

Bosmaxonada bir bosqichni o‘tkazib yuborish qimmatga tushadi: tasdiqlanmagan maket bosilsa yoki material yo‘q holda stanok ishga tushsa, qog‘oz va vaqt yo‘qoladi. Tizim shunday xatolarning oldini oladi.

1-qadam: menejer zakaz qabul qiladi (MENEJER dasturi) ​

Zakaz MENEJER dasturidagi uch bosqichli oynada yaratiladi.

  1. Modul tanlash. Menejer kutubxonadan qadoq modulini (quti, lotok, konvert va hokazo) tanlaydi va o‘lchamlarini kiritadi: quti uchun uzunligi, eni, balandligi; tekis mahsulot uchun eni va bo‘yi. Dastur shu o‘lchamdagi yoyilma (pichoq chizmasi) va 3D ko‘rinishni ko‘rsatadi. Modul kerak bo‘lmasa — «Modulsiz davom etish».
  2. Hisoblash. Qog‘oz turi va o‘lchami, varaqni bo‘lish, soni, braq (zaxira) va foyda foizi tanlanadi. Dastur bitta varaqqa nechta mahsulot sig‘ishini va narxni hisoblaydi. Bu bosqichda modul o‘lchamlari o‘zgarmaydi — o‘zgartirish uchun «Orqaga» qaytiladi.
  3. Tasdiqlash. Mijoz tanlanadi yoki qo‘shiladi, to‘lov usuli, kelishilgan avans va topshirish muddati kiritiladi. Kerak bo‘lsa «Dizaynerga bormasin» belgilanadi (pastga qarang). Tasdiqlanganda shartnoma avtomatik tayyorlanadi.

MENEJER: modul va o‘lchamlarMENEJER: mijoz va to‘lov shartlari

Tasdiqlashda tizim quyidagilarni tekshiradi. Biri bajarilmasa, zakaz tasdiqlanmaydi va sabab ko‘rsatiladi:

  • mijoz ma’lumotlari to‘liq va mijoz bloklanmagan;
  • zakazda kamida bitta pozitsiya bor va summa noldan katta;
  • tanlangan modul ishlab chiqarishga tasdiqlangan (sozlamaga bog‘liq);
  • namuna rasm biriktirilgan (sozlamaga bog‘liq);
  • avans noldan kam va umumiy summadan ko‘p emas.

Tasdiqdan keyin zakaz o‘zi «Qoralama» → «Yangi» → «Hisoblanmoqda» → «Dizaynda» holatlaridan o‘tadi.

Bosh menejer tasdig‘i

Oddiy menejer (yoki omborchi) yaratgan zakaz bosh menejer tasdiqlamaguncha faol emas: shartlar yoziladi, lekin holat o‘zgarmaydi. Bosh menejer summani o‘zgartirib tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin. Tasdiqlangach zakaz yuqoridagi zanjir bo‘yicha davom etadi; rad etilsa — bekor qilinadi. Bosh menejer, rahbar yoki administrator yaratgan zakaz tasdiq kutmaydi. Menejer bonusi ham faqat tasdiqdan keyin hisoblanadi.

2-qadam: dizayner maket tayyorlaydi (DIZAYNER) ​

Zakaz «Dizaynda» holatiga o‘tganda dizaynerga vazifa tushadi. Dizayner:

  1. «Boshlash»ni bosadi — zakazning yagona maketi ochiladi, modul yoyilmasi o‘zi qo‘yiladi.
  2. Maketni chizadi, mijoz yuborgan rasmlar va izohlarga qaraydi, 3D ko‘rinishda tekshiradi.
  3. «Tekshirish va tasdiqlash» orqali maketni topshiradi. Zakaz «Dizayn tasdig‘i» holatiga o‘tadi va menejerga xabar ketadi.

Maket fayli bo‘lmasa, zakaz keyingi bosqichga o‘tmaydi. Agar zakazga boshqa dizayner biriktirilgan bo‘lsa, begona dizayner uni topshira olmaydi.

DIZAYNER: tekshirish va tasdiqlash

Dizayner tasdig‘i yakuniy bo‘lsa ​

Agar orders.designer_final_approval sozlamasi yoqilgan bo‘lsa, dizayner tasdig‘i yakuniy hisoblanadi: zakaz bosh menejer va buxgalteriya tasdig‘ini kutmasdan o‘zi omborga o‘tadi. Bunda ham tekshiruvlar qoladi — to‘lov turi, kredit limiti, muddati o‘tgan qarz va material. Biri to‘ssa, zakaz o‘sha bosqichda qoladi va bosh menejerga «Buyurtma keyingi bosqichga o‘tmadi» xabari ketadi. Bu zanjirda kelishilgan avans to‘lanmagani zakazni to‘xtatmaydi (sozlama bilan o‘zgartiriladi).

«Dizaynerga bormasin» ​

Ba’zi zakazlarga maket kerak emas (masalan, mijoz tayyor faylni olib keldi yoki takroriy buyurtma). Menejer 3-qadamda «Dizaynerga bormasin» belgisini qo‘ysa:

  • dizaynerga vazifa tushmaydi va maket fayli talab qilinmaydi;
  • zakaz dizayner tasdiqlagandagidek davom etadi: «Dizayner tasdig‘i yakuniy» sozlamasi yoqilgan bo‘lsa — o‘zi omborga; o‘chiq bo‘lsa — bosh menejer tasdig‘ida kutadi;
  • biror tekshiruv to‘ssa, zakaz o‘sha joyda qoladi va bosh menejerga xabar ketadi (material hali berilmagani — odatiy holat, unga xabar yuborilmaydi).

3-qadam: bosh menejer va buxgalteriya tasdig‘i ​

Agar dizayner tasdig‘i yakuniy bo‘lmasa, zakaz qo‘lda tasdiqlanadi:

  1. Bosh menejer maketni ko‘radi: ma’qul bo‘lsa — «Menejer tasdig‘i» holatiga, so‘ng «Buxgalteriya tasdig‘i»ga o‘tkazadi. Ma’qul bo‘lmasa — sabab bilan dizaynga qaytaradi; dizaynerga maketning yangi versiyasi ochiladi, eskisi tarixda qoladi.
  2. Buxgalteriya tasdig‘iga o‘tish uchun zakazda to‘lov turi belgilangan bo‘lishi shart.
  3. Buxgalter yoki rahbar «Sexga ruxsat» beradi. Bunda tizim mijozning kredit limitini, muddati o‘tgan qarzini va kelishilgan avansni tekshiradi. Tekshiruvdan o‘tsa zakaz «CTP / tayyorgarlik» (omborda kutish) holatiga o‘tadi.

4-qadam: ombor material beradi (OMBOR) ​

Zakaz uchun kerak bo‘ladigan qog‘oz omborchining OMBOR dasturida «Buyurtmalardan kelgan» bo‘limida ko‘rinadi. Omborchi materialni tayyorlab tasdiqlaydi: ombordan chiqim yoziladi va qoldiq kamayadi.

Material berilgach zakaz o‘zi «Ishlab chiqarish navbati»ga o‘tadi (sozlama orders.warehouse_release_auto, standart yoqiq). Shu paytda zakazning ishlari kerakli stanoklarga avtomatik taqsimlanadi.

Material qoidasi

Zakaz sexga faqat omborchi materialni bergandan keyin o‘tadi: omborchi OMBOR’da «Buyurtmalardan kelgan» bo‘limida zakazni tasdiqlaydi (ombordan chiqim bo‘ladi) yoki chiqimni shu zakazga yozadi. Hisoblashda material avtomatik band qilingan bo‘lsa ham, omborchi tasdig‘isiz zakaz sexga o‘tmaydi (2026-11-26 dan). Qoida business.require_material_reservation sozlamasi bilan boshqariladi.

OMBOR: Buyurtmalardan kelgan

Agar avtomatik o‘tish o‘chirilgan bo‘lsa, sex boshlig‘i zakazni qo‘lda navbatga o‘tkazadi.

5-qadam: sexda ishlab chiqarish (ISHLOV, STANOK) ​

  1. Operator planshetda (ISHLOV) yoki stanok terminalida (STANOK) navbatdagi ishni ko‘radi va boshlaydi. Zakazning birinchi ishi boshlanishi bilan zakaz «Ishlab chiqarishda» holatiga o‘tadi.
  2. Har ishni tugatayotganda operator sof (yaxshi), brak va qayta ishlov sonini kiritadi. Brak ruxsat etilgandan ko‘p bo‘lsa ham qabul qilinadi, lekin rahbarga ogohlantirish ketishi mumkin.
  3. Bir bosqich tugagach keyingi bosqich (keyingi stanok) navbatga tushadi. Bosqichlar zakazda tanlangan ishlovlardan tuziladi: bosma, lak, laminatsiya, kesish, yelimlash va boshqalar, oxirida qadoqlash (upakovka).
  4. Zakazning hamma ishi tugagach zakaz «Sifat nazorati»ga, so‘ng o‘zi «Tayyor» holatiga o‘tadi va omborchilarga xabar ketadi (sozlama orders.auto_ready_after_production, standart yoqiq).

ISHLOV: ishni yakunlash

Agar avtomatik «Tayyor» o‘chirilgan bo‘lsa, sifat nazoratchisi yoki sex boshlig‘i zakazni «Tayyor»ga o‘tkazadi yoki sabab kodi bilan **«Qayta ishlov»**ga qaytaradi. Qayta ishlovdan zakaz yana «Ishlab chiqarishda»ga qaytadi.

6-qadam: topshirish va yakunlash ​

  1. Tayyor zakazni omborchi mijozga naqladnoy bilan topshiradi. Zakaz «Yetkazishda» (topshirildi) holatiga o‘tadi.
  2. Agar qarz to‘liq yopilgan bo‘lsa yoki zakaz nasiyaga (kreditga) rasmiylashtirilgan bo‘lsa — zakaz shu zahoti «Yakunlangan» bo‘ladi.
  3. Qarz qolgan bo‘lsa, menejer yoki bosh menejer zakazni yakunlayotganda qoldiq qachon to‘lanishini (sana) kiritishi shart. Bu sana qarz muddatiga yoziladi.

Naqladnoy zakaz sexda, tayyor yoki yetkazishda bo‘lganda chiqariladi.

Maxsus holatlar ​

  • To‘xtatish («To‘xtatilgan»). Zakazni istalgan bosqichda (yakunlangan va bekor qilingandan tashqari) to‘xtatish mumkin. Sabab va kutilayotgan sana majburiy. Davom ettirilganda zakaz to‘xtatilgan joyiga qaytadi.
  • Bekor qilish («Bekor qilingan»). Faqat menejer, bosh menejer yoki administrator bekor qiladi, sabab majburiy. Yakunlangan zakaz bekor qilinmaydi. Bekor qilinganda band qilingan materiallar omborga qaytadi va hali oylikka o‘tmagan menejer bonusi bekor bo‘ladi.
  • Qayta ishlov («Qayta ishlov»). Sifat nazoratidan o‘tmagan zakaz sabab kodi bilan sexga qaytariladi.

Holatlar jadvali ​

Quyidagi tartib — zakazning odatiy yo‘li. Ko‘p bosqichlar avtomatik o‘tadi (yuqorida yozilgan sozlamalarga qarab).

  1. Qoralama → 2. Yangi → 3. Hisoblanmoqda → 4. Dizaynda → 5. Dizayn tasdig‘i → 6. Menejer tasdig‘i → 7. Buxgalteriya tasdig‘i → 8. CTP / tayyorgarlik (ombor) → 9. Ishlab chiqarish navbati → 10. Ishlab chiqarishda → 11. Sifat nazorati → 12. Tayyor → 13. Yetkazishda → 14. Yakunlangan.

Yon holatlar: To‘xtatilgan, Qayta ishlov, Bekor qilingan.

HolatKimNima qiladiKeyingi holat
QoralamaMenejerZakazni yaratadi, mijozni tanlaydiYangi
YangiMenejerPozitsiyalarni qo‘shadiHisoblanmoqda
HisoblanmoqdaMenejerNarxni kelishadi (summa noldan katta, mijoz nomi va telefoni bor)Dizaynda
DizayndaDizaynerMaketni chizadi va topshiradiDizayn tasdig‘i
Dizayn tasdig‘iBosh menejer (yoki avtomatik)Maketni qabul qiladi yoki rad etadiMenejer tasdig‘i yoki Dizaynda
Menejer tasdig‘iBosh menejer (yoki avtomatik)To‘lov turini tekshirib yuboradiBuxgalteriya tasdig‘i yoki Dizaynda
Buxgalteriya tasdig‘iBuxgalter, rahbar (yoki avtomatik)«Sexga ruxsat»: kredit limiti, qarz, avansCTP / tayyorgarlik
CTP / tayyorgarlikOmborchi (yoki sex boshlig‘i)Materialni beradiIshlab chiqarish navbati
Ishlab chiqarish navbatiOperatorBirinchi ishni boshlaydiIshlab chiqarishda
Ishlab chiqarishdaOperatorIshlarni yakunlaydiSifat nazorati
Sifat nazoratiSifat nazoratchisi, sex boshlig‘i (yoki avtomatik)TekshiradiTayyor yoki Qayta ishlov
Qayta ishlovOperatorQayta ishlaydiIshlab chiqarishda
TayyorOmborchi, menejer, kuryerNaqladnoy bilan topshiradiYetkazishda
YetkazishdaMenejer, bosh menejer (yoki avtomatik)Qarz yopilganini yoki to‘lov sanasini tasdiqlaydiYakunlangan

Zakaz to‘xtab qoldimi?

CRM’da zakaz sahifasidagi qadamlar chizig‘i hozir kim kutilayotganini ko‘rsatadi (Menejer, Dizayner, Omborchi, Operator). Avtomatik o‘tish to‘xtasa, bosh menejerga sababi bilan xabar keladi — odatda to‘lov turi belgilanmagan, kredit limiti oshgan yoki material berilmagan bo‘ladi.

CRM: buyurtma kartasi va qadamlar

M-PRINT — bosmaxona boshqaruv tizimi