Skip to content

Tizim haqida ​

Kim uchun: bu sahifa M-PRINT bilan birinchi marta tanishayotgan har bir xodim uchun — rahbar, administrator, menejer, omborchi yoki sex ishchisi. Bu yerda tizim nima qilishi, qaysi dastur kimga kerakligi va yangi korxona ishni nimadan boshlashi qisqa yozilgan.

M-PRINT nima qiladi ​

M-PRINT — bosmaxona uchun yagona boshqaruv tizimi. U zakaz qabul qilishdan tayyor mahsulotni mijozga topshirishgacha bo‘lgan hamma ishni bitta joyda yuritadi:

  • Savdo: mijozlar, zakazlar, narx hisobi, shartnoma.
  • Dizayn: maket, pichoq chizmasi (yoyilma), 3D ko‘rinish, dizayn tasdig‘i.
  • Ombor: qog‘oz va materiallar qoldig‘i, kirim-chiqim, zakazga material berish, naqladnoy.
  • Ishlab chiqarish: stanoklar navbati, ishni boshlash va yakunlash, brak hisobi.
  • Pul: kassa (kirim va chiqim), mijoz qarzi, avans, oylik, buxgalteriya.
  • Xodimlar: davomat (GPS va yuz orqali), oylik, bildirishnoma, video konferensiya.

Hamma dasturlar bitta serverga ulanadi. Shuning uchun bir dasturda yozilgan narsa (masalan, menejer zakazni tasdiqladi) boshqa dasturda darhol ko‘rinadi (dizaynerga vazifa tushadi).

Nega bitta tizim

Ilgari har bo‘lim o‘z daftari yoki Excel jadvalida ishlasa, ma’lumot ko‘chirilganda xato va kechikish bo‘ladi. M-PRINT’da zakazning har bosqichi bitta yozuvda saqlanadi: kim qachon nima qilgani tarixda qoladi.

Dasturlar ro‘yxati ​

DasturTuriKim ishlatadiAsosiy vazifasi
CRM (adminka) — crm.m-print.uzBrauzer (sayt)Administrator, rahbar, bosh menejer, kadrlar bo‘limiXodimlar va rollar, sozlamalar, modullar katalogi, zakazlar nazorati, hisobotlar
MENEJERKompyuter dasturi (Windows, Linux)Menejer, bosh menejer, omborchi (zakaz qabul qilsa)Zakaz qabul qilish: modul tanlash, narxni hisoblash, mijoz va shartnoma
DIZAYNERKompyuter dasturi (Windows) va sayt (crm.m-print.uz/draw)DizaynerMaket chizish, yoyilma, 3D ko‘rinish, maketni tasdiqlash
OMBORKompyuter dasturi (Windows)Omborchi, kassirOmbor qoldig‘i, mahsulot kirimi va chiqimi, zakazlardan kelgan material so‘rovlari; kassir uchun — pul kirimi va chiqimi (kassa)
ISHLOVPlanshet ilovasi (Android)Sexdagi operatorStanok navbatidagi ishlarni boshlash, son va brakni kiritish, yakunlash
STANOKTerminal ilovasi (Android)Stanok operatoriStanok yonidagi terminal: navbat, ish holati, hisoblagich
HODIMTelefon ilovasi (Android)Hamma xodimlarDavomat, oylik, bildirishnomalar, video konferensiya; kassirda — kassa
BUXGALTERIYAKompyuter dasturi (Windows, Linux)Buxgalter, kassir, rahbarPul hisobi, qarzdorlik, oylik, «Sexga ruxsat»
ADMINISTRATSIYAKompyuter dasturi (Windows, macOS, Linux)Rahbar va administratorRahbar paneli: tahlil, pul, xodimlar, ombor, qarzdorlar — bir joyda
KAMERAKompyuter dasturi (Windows, Linux)Administrator (bir marta o‘rnatadi)Kameralar ulangan kompyuterda turadi va CRM’da jonli ko‘rishni ta’minlaydi

CRM bosh paneli

Har bir dastur haqida batafsil — Dasturlar bo‘limida. Dasturlarni yuklab olish — Yuklab olish sahifasida.

Maslahat

Bitta xodimda bir nechta rol bo‘lishi mumkin. Masalan, bosh menejer ham MENEJER, ham CRM’dan foydalanadi. Qaysi dasturga kira olishi uning roliga bog‘liq — Rollar sahifasiga qarang.

Kim qaysi dasturga kiradi ​

Hamma dasturlarga bitta login va parol bilan kiriladi — xodimning CRM’dagi hisobi. Alohida parol yo‘q. Lekin ba’zi dasturlar faqat ma’lum rollarni kiritadi:

  • OMBOR — faqat omborchi, kassir va administrator. Omborchi va kassir bir-birining ishini ko‘rmaydi: omborchi pulga, kassir ombor mahsulotiga tegmaydi.
  • ADMINISTRATSIYA — rahbar va administrator.
  • BUXGALTERIYA — buxgalter, kassir, rahbar va administrator.
  • ISHLOV — sinov davrida har qanday faol xodim kira oladi (bu sozlama bilan o‘chiriladi).

Diqqat

Agar xodimga rol berilmagan bo‘lsa, u tizimga kira oladi, lekin hech narsa ko‘rmaydi. Yangi xodim qo‘shganda rolni albatta tanlang.

Birinchi kun: yangi korxona administratori uchun ro‘yxat ​

Quyidagi tartibda bajaring. Har bir qadam keyingisi uchun kerak.

  1. Kompaniya rekvizitlarini to‘ldiring. CRM → Sozlamalar → «Rekvizitlar»: nomi, direktor, manzil, STIR, bank, hisob raqami, MFO, telefon. Ular shartnoma, chek va naqladnoyda chiqadi. To‘ldirilmasa, hujjatlarda bo‘sh joy (—) qoladi.
  2. Xodimlarni qo‘shing. CRM → Hodimlar → «Hodim qo‘shish»: F.I.Sh, telefon, login, parol va rol. Rolsiz xodim hech narsa qila olmaydi.
  3. Obyektlarni belgilang (davomat uchun). CRM → Obyektlar: ish joyini xaritada belgilang, radius va ish vaqtini kiriting, xodimlarni obyektga biriktiring. Shunda telefon ilovasi xodim kelgan-ketganini o‘zi yozadi.
  4. Ombor kategoriyalari va materiallarni kiriting. CRM → Sozlamalar → «Mahsulot kategoriyalari» (qog‘oz, karton, bo‘yoq…), so‘ng OMBOR dasturida mahsulotlarni qo‘shing. Qog‘ozda varaq o‘lchami va zichligi (g/m²) to‘ldirilsin — narx va raskroy shunga tayanadi.
  5. Kassa kategoriyalarini sozlang. CRM → Sozlamalar → «Kassa kategoriyalari»: pul kirimi va chiqimi turlari (masalan, ijara, transport, avans).
  6. Narxlarni tekshiring. CRM → Sozlamalar → «Narxlar» va «Tizim sozlamalari»: bosma, CTP, foyda foizi va boshqalar. Menejer hisobi shu sonlardan foydalanadi.
  7. Modullarni tasdiqlang. CRM → Modullar: zakazda faqat tasdiqlangan (nashr qilingan) modullar chiqadi. Tasdiqlanmaguncha MENEJER’dagi modul ro‘yxati bo‘sh bo‘ladi.
  8. Sex planshetlarini sozlang. CRM → Ishlab chiqarish → «Planshetlar»: har stanokka qanday ishlov bajarishini belgilang. Shunda zakaz sexga tushganda ishlar kerakli stanoklarga o‘zi taqsimlanadi.
  9. Dasturlarni o‘rnating. Yuklab olish sahifasidagi havolalar orqali: menejerlarga MENEJER, omborchiga OMBOR, sexga ISHLOV va STANOK, xodimlarga HODIM.
  10. Sinov zakazi bering. Bitta zakazni boshidan oxirigacha o‘tkazib ko‘ring — Zakazning yo‘li sahifasidagi tartibda.

Maslahat

Avval bitta sinov zakazi bilan butun zanjirni tekshirib oling: zakaz qaysi bosqichda to‘xtasa, o‘sha bosqichning sozlamasi yoki ruxsati yetishmayapti. Sozlamalar ro‘yxati — Admin sozlamalari sahifasida.

M-PRINT — bosmaxona boshqaruv tizimi